11 dekabr 2021 y., Toshkent shahridagi “Diamond Tashkent Hotel” mexmonxonasida “Oʻzbekistondagi professional taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga “WorldSkills” standartlarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi seminar-trening boʻlib oʻtdi. Tadbir tashkilotchisi – “Muloqot” jamoat birlashmasi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining 2021 yil 23 avgustdagi 16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekistondagi professional taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga xalqaro darajada kadrlar tayyorlaydigan « WorldSkills» standartlarini joriy etish” nomli ijtimoiy buyurtma doirasida tashkil qilingan. Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi buyurtmasi asosida “Muloqot” jamoat birlashmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Tadbir xamkorlaridan biri – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hisoblanadi..

Maʼlumki, mehnat bozori bevosita mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, kadrlar tayyorlash masalasiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratiladi. Bu jarayonda eng asosiy talab yangi professional taʼlim tizimiga qoʻyilmoqda. Shu nuqtai nazardan, xalqaro darajada kadrlar tayyorlaydigan “WorldSkills” standartlarini professional taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga joriy etish bugungi kunning dolvzarb masalasiga aylandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej va 185 ta texnikumidan iborat yagona professional oʻquv muassasalari tarmogʻi yaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108-sonli farmoniga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning kasbiy malakasini «WorldSkills» standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinishi va ishchi kasblar boʻyicha «WorldSkills Uzbekistan» musobaqalari oʻtkazilishi belgilangan. Shuningdek, professional taʼlim muassasalariga xorijiy mamlakatlardagi taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashni tashkil etish vakolati berilishi xam nazarda tutilgan.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugungi kunda WorldSkills kasbga oʻqitish metodikasi asosida Oʻzbekistonda kasb tayyorlanmaydi va shu sababli, hozircha WorldSkills standartlari Oʻzbekiston taʼlim tizimiga joriy etilmagan. Tadbirda 15 dan ortiq turli vazirlik, idora, institutlar va professional taʼlim muassasalaridan kelgan 35 ga yaqin ekspertlar va pedagoglar ishtirok etdi.