1 mart 2022 y., Andijon viloyati Buloqboshi tumanida “Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni ingliz tili boʻyicha bepul oʻqitish, ularning hayotda muvaffaqiyatga erishishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish” nomli grant loyihasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbir tashkilotchisi – “Muloqot” jamoat birlashmasi. Mazkur grant Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan. Tadbir xamkorlaridan biri – Andijon viloyati Buloqboshi tumani xokimligi hisoblanadi.

Loyihanining asosiy maqsadi, chekka qishloqlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga oliy taʼlim va kasbga yoʻnaltiruvchi bepul intensiv ingliz tili (5 oylik) oʻquv darslarini innovatsion va interaktiv metodikalar orqali tashkil etishdan iborat.

Mazkur loyiha doirasida alohida eʼtibor Buloqboshi tumanida istiqomat qiluvchi nafaqat oʻzbek millatiga mansub yoshlar, balki qirgʻiz, qozoq, tatar va boshqa milliy ozchilik vakillarini uchun ham yangi imkoniyat yaratishga qaratiladi. Niyatimiz, yoshlarning kelajakda otalari va onalari ortidan mehnat muxojiri boʻlib emas, balki mamlakatimiz va horijdagi eng ilgʻor taʼlim dargohlarida tahsil olgan yetuk mutahassislar boʻlib yetishiga hissa qoʻshish. Aynan shu nuqtai nazardan, yuqori darajadagi ingliz tili bilimi ular uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi tayin.

Kurslarga qatnashish istagida boʻlgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan, 100 ga yaqin yoshlar tanlab olindi. Loyiha davomida ularning yangi bilim, hunar va kasblarni egallashga boʻlgan qiziqishi va ehtiyoji oʻrganiladi. Dars qatnashchilari alohida mezonlar asosida tanlab olindi, jumladan ota-onasidan ajragan yoshlar, kam taʼminlangan va koʻpfarzandli oilalar hamda mexnat muhojirlarining farzandlari, nogiron yoshlar. Tanlanganlarning tahminan 65 % ni qizlar tashkil etadi.

Darslarni tumandagi ingliz tili oʻqituvchisi boʻlgan eng malakali ustozlar olib borishadi. Qolaversa, ingliz tili oʻrganishning kelajakdagi ahamiyatini tushuntirish maqsadida horijda tahsil olgan yoshlarni motivatsion darslarga lektor sifatida jalb qilish xam koʻzda tutilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, mazkur loyiha Buloqboshi tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning kelajakda davlatimiz va jamiyatimizga hizmat qiluvchi yetuk mutaxassislar boʻlib yetishiga hissa qoʻshadi degan umiddamiz.